Bugun “O‘zA kunlari” loyihasi doirasida Urganch davlat universitetida taniqli bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev ishtirokida talaba-yoshlar bilan ochiq muloqot tashkil etildi.
Uchrashuvni universitet rektori Feruza Madrahimova kirish so‘zi bilan ochib berib, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi jamoasiga hamkorlik uchun minnatdorlik bildirdi. Shuningdek, tadbirda Xorazm viloyati hokimi o‘rinbosari Botir Sayidovning nutqi tinglanib, yoshlar bilan ishlash, ularni qo‘llab-quvvatlash borasidagi dolzarb fikrlar bildirildi.
Uchrashuvda taniqli bloger X.Xudoyberdiyev talabalarga raqobatbardosh kadr bo‘lish yo‘lida doimiy izlanish, chet tillarini mukammal o‘rganish, oʻz ustida ishlash, zamonaviy texnologiyalarni chuqur egallash hamda yurtimizda yaratilayotgan keng imkoniyatlardan samarali foydalanish yuzasidan foydali tavsiyalar berdi. U o‘zining shaxsiy tajribasi asosida qimmatli maslahatlari bilan o‘rtoqlashib, yoshlarni ilg‘or g‘oya va tashabbuslarni ro‘yobga chiqarishga ilhomlantirdi.
Shu bilan birga, talaba-yoshlar tomonidan berilgan savollarga batafsil javob berilib, ochiq va samimiy muloqot muhiti yaratildi.
Uchrashuv yakunida UzA ning universitet kutubxonasi uchun maxsus esdalik sovg‘alari topshirildi.






