Dissertatsiya himoyasi muvaffaqiyatli o‘tkazildi
2026-yil 14-fevral kuni Ismoilov Oxunjon Bahram o‘g‘lining 01.01.02 – “Differensial tenglamalar va matematik fizika” ixtisosligi bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun tayyorlagan “Manfiy tartibli Korteveg–de Friz va modifitsirlangan Korteveg–de Friz tenglamalarini teskari spektral masalalar usullari yordamida integrallash” mavzusidagi dissertatsiya ishi muvaffaqiyatli himoya qilindi.
Mazkur dissertatsiyada manfiy tartibli KdF tenglamasiga qo‘yilgan Koshi masalasining tez kamayuvchi funksiyalar sinfida Shturm–Liuvill operatori uchun sochilish nazariyasining teskari masalasi usuli yordamida integrallanuvchanligi isbotlangan.
Shuningdek, moslangan manbali manfiy tartibli KdF tenglamasi tez kamayuvchi funksiyalar sinfida Shturm–Liuvill operatoriga qo‘yilgan sochilish nazariyasining teskari masalasini yechish usuli asosida yechilgan.
Tadqiqotda manfiy tartibli yuklangan hadli hamda integral manbali modifitsirlangan KdF tenglamalarining integrallanuvchanligi Dirak operatoriga qo‘yilgan teskari spektral masalani yechish usuli yordamida davriy funksiyalar sinfida isbotlangan.
Dissertatsiya natijalari differensial tenglamalar nazariyasi va matematik fizikaning dolzarb masalalarini yechishda muhim ilmiy ahamiyatga ega.