Close
Skip to main content


Xorazm qovuni: ilm-fan yutuqlari bilan yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulotga aylanmoqda


Xorazm vohasi qadimdan o‘ziga xos qovunchilik maktabi bilan mashhur. Bugungi kunda viloyatda qovunning 120 dan ortiq navi yetishtirilmoqda. Ayni paytda ushbu noyob mahsulotni nafaqat yetishtirish, balki chuqur qayta ishlash, eksportbop hamda yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlarga aylantirish yo‘nalishida innovatsion ishlanmalar keng joriy etilmoqda.

Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universiteti Kimyoviy texnologiyalar fakulteti Oziq-ovqat texnologiyasi kafedrasi professor-o‘qituvchilari va talabalari qovun asosida zamonaviy oziq-ovqat mahsulotlarini yaratish bo‘yicha ilmiy izlanishlar olib bormoqda.

O‘tgan yili o‘tkazilgan an’anaviy Qovun sayli festivalida universitet jamoasi turli innovatsion mahsulotlar bilan ishtirok etdi. Festival doirasida qovundan tayyorlangan sharbatlar, muzqaymoqlar, marmeladlar, tabiiy qiyomlar, quritilgan mahsulotlar hamda boshqa yangi ishlanmalar namoyish etildi.

Mazkur loyihalarning asosiy maqsadi qovundan chiqindisiz foydalanish, tayyor mahsulotlarning saqlanish muddatini uzaytirish, oziqaviy qiymatini oshirish va eksport salohiyatini kengaytirishdan iborat. Ishlanmalar tabiiy texnologiyalar asosida, shakar qo‘shilmagan holda tayyorlanmoqda. Yaratilayotgan har bir yangi mahsulot patentlashtirilib, bosqichma-bosqich amaliyotga joriy etilmoqda.

Universitet olimlari qovun asosida biopolimer qoplamalar yaratish ustida ham izlanish olib bormoqda. Bunday qoplamalar meva va sabzavotlarning saqlanish muddatini uzaytirish, ulardagi namlikni saqlab qolish hamda mahsulot sifatini yaxshilash imkonini beradi. Mazkur yo‘nalishdagi tadqiqotlar yosh olimlarning xalqaro tanlovlarda muvaffaqiyat qozonishi va xorijiy ilmiy stajirovkalarda ishtirok etishiga ham zamin yaratmoqda.

Ilmiy izlanishlarning yana bir muhim yo‘nalishi qovun urug‘idan olinadigan moyning foydali xususiyatlarini o‘rganishga qaratilgan. Dastlabki tadqiqotlar ushbu moy vitaminlarga boy ekanini, inson salomatligi uchun xavfsiz va foydali oziq-ovqat mahsuloti sifatida iste’mol qilinishi mumkinligini ko‘rsatmoqda.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, qovunni chuqur qayta ishlash uning iqtisodiy samaradorligini sezilarli darajada oshiradi. Xususan, an’anaviy usulda quritilgan qovunga nisbatan innovatsion texnologiyalar asosida tayyorlangan mahsulotlarni eksport qilish orqali bir necha barobar yuqori qo‘shilgan qiymat yaratish mumkin.

Urganch davlat universiteti jamoasi joriy yilgi Qovun sayli festivaliga ham keng ko‘lamda tayyorgarlik ko‘rmoqda. Festivalda namoyish etilishi rejalashtirilgan innovatsion mahsulotlar Xorazm qovunchiligida ilm-fan, ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasining amaliy natijalarini namoyon etishi, shuningdek, milliy mahsulotlarning xalqaro bozordagi raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda.