2021-yilning 4-iyun kuni Urganch davlat universitetida bitiruvchi talabalar bilan uchrashuv bo`lib o`tdi. Uchrashuv Yangibozor tumani Xalq ta’limi bo`limining tashabbusi bilan tashkil qilinib, unda tumandagi barcha maktab direktorlari ishtirok etdilar.
Mazkur uchrashuvni Marketing va talabalar amaliyoti bo`limi boshlig`i Q.Yo`ldoshev ochib berib, tadbirning mohiyatini bitiruvchilarga tushuntirib berdi hamda Yangibozor tumani Xalq ta’limi bo`limiga ushbu tashabbus uchun o`z minnatdorchiligini bildirdi.
Uchrashuvda O`zbekiston Respublikasi Xalq ta`limi vazirining Nazorat-huquqiy xizmati bosh mutaxassisi D.Xudoyberganov ishtirok etib, bitiruvchi talabalarga ishga joylashish mobaynidagi huquq va erkinlari haqida tushuntirishlar berib, o`z huquqlari poymol bo`lish holatlari kuzatilsa murojaat qilishlari joizligini ta`kidladi.
Yangibozor tumani Xalq ta’limi bo`limi mudiri G.Jumanova hamda tumanning 31 ta maktab direktorlari bitiruvchilar bilan ochiq muloqot olib bordilar. Har maktab o`zining qaysi fanlardan bo`sh ish o`rinlari borligini e`lon qilib, so`zga chiqqan 14 nafar talabgor bitiruvchilar bilan shu yerning o`zida shartnoma tuzdilar. Bu borada talabalar ham o`z fikr-mulohazalari, takliflari bildirib, maktab direktorlaridan o`zlarining qiziqtirgan savollariga javoblar oldilar.
Ushbu uchrashuv kelgusida “Oliy o`quv yurtlari bitiruvchilarini ishga qabul qilishning Yangibozorcha metodi” deb viloyatimiz va respublikada amaliyotga tadbiq etilsa ne ajab.
UrDU rahbariyati Yangibozor tumanining maktab direktorlariga tashriflari uchun, qolaversa, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning ustuvor yo`nalishlaridan biri bo`lgan “Yoshlar bandligini ta`minlash” siyosatiga befarq bo`lmaganliklari uchun, Yangibozor tumani Xalq ta’limi bo`limining mudiri Go`zal Jumanovaga o`z minnatdorchiligini bildiradi.
Ushbu uchrashuv UrDU bitiruvchi talabalari uchun ishga joylashish borasida samarali imkoniyat bo`lganiga aminmiz.