Urganch davlat universiteti rektori Feruza Madraximova tomonidan fakultetlar faoliyati o‘rganildi. Xususan, rektor Filologiya va san’at hamda Xorijiy filologiya fakultetlarida bo‘lib, o‘quv jarayonining bugungi holati bilan yaqindan tanishdi. Jarayon davomida o‘quv auditoriyalarning moddiy-texnik bazasi ko‘zdan kechirildi.
Shuningdek, kafedralarda professor-o‘qituvchilar bilan bevosita muloqot qildi. Kafedralar ilmiy salohiyatini yanada oshirish borasida to‘xtalib, bu borada professor-o`qituvchilarni hamisha qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanligini bildirdi. Rektor dars jarayonlarini ham kuzatdi, talabalar bilan suhbatda bo‘ldi. Yoshlarning fikr-mulohazalari, taklif va tashabbuslari tinglab, ularni qo‘llab-quvvatladi.
Filologiya va san'at fakultetida tashkil etilgan “Fakultet tarixi muzeyi”ni alohida eʼtirof etib, barcha fakultetlarda ushbu tajribani ommalashtirish lozimligini ta’kidladi.
Shuningdek, rektor Sport faoliyati, pedagogika va psixologiya fakultetida ham boʻldi. Ushbu fakultetning sport zallari, o‘quv xonalari va moddiy-texnik bazasi atroflicha ko‘zdan kechirildi. Rektor kafedralardagi professor-o‘qituvchilarning sport sohasidagi faoliyati bilan birga ilmiy salohiyatini oshirish bo’yicha qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini qayd etdi. Sport zallarida mashg‘ulotlarda ishtirok etayotgan talabalar bilan suhbatda boʻldi. Shu bilan birga, fakultetdagi ta’mirtalab joylarni tezkorlik bilan bartaraf etish bo‘yicha mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi. Sport jarayonlarini sifatli tashkil etish, talabalar uchun qulay sharoit yaratishga alohida e’tibor qaratishni topshirdi.






