Close
Skip to main content


Vazir Urganch davlat universitetiga tashrif buyurdi


Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universitetiga tashrif buyurdi. Tashrif davomida universitet rektori Feruza Madrahimova hamrohligida oliygohda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari ko‘zdan kechirildi.

Dastlab, Intellektual ilmlar va texnologiyalar fakulteti uchun barpo etilayotgan zamonaviy bino hamda uning tarkibida tashkil qilinayotgan Sun’iy intellekt markazidagi qurilish-ta’mirlash ishlari bilan yaqindan tanishildi. Vazir qurilish ishlarini sifatli yakunlash, o‘quv xonalari va laboratoriyalarni zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlash hamda talabalar uchun qulay sharoitlar yaratish yuzasidan tegishli tavsiya va ko‘rsatmalar berdi.

Shundan so‘ng, vazir universitetda ustozlarga ko‘rsatilayotgan ehtirom namunasi sifatida tashkil etilgan “Ustozlar bizning faxrimiz” rukni ostidagi maxsus burchaklar bilan tanishdi. Mazkur burchaklarda universitet taraqqiyoti va ilm-fan rivojiga munosib hissa qo‘shgan ustozlarning hayot yo‘li, ilmiy-pedagogik faoliyati hamda fotosuratlari jamlangan.

Tashrif davomida ustozlar xotirasini e’zozlash, ularning boy hayotiy tajribasi va ibratli faoliyatini yosh avlodga yetkazish muhimligi alohida ta’kidlandi.