Urganch davlat universitetida 2025–2026-o‘quv yili bitiruvchilariga bag‘ishlangan “Bitiruvchi–2026” tantanali tadbiri yuqori saviyada tashkil etildi. Tadbirda universitet rahbariyati, professor-o‘qituvchilar, faxriy ustozlar, ota-onalar hamda bitiruvchi talabalar ishtirok etdilar.
Tantanada universitet rektori Feruza Madrahimova so‘zga chiqib, bitiruvchilarni hayotlaridagi muhim bosqich — oliy ta’limni muvaffaqiyatli yakunlaganliklari bilan samimiy tabrikladi hamda ularga kelgusi faoliyatlarida ulkan zafarlar tiladi.
Ta’kidlanganidek, joriy o‘quv yilida universitetni jami 6391 nafar talaba muvaffaqiyatli tamomladi. Shundan 6000 nafari bakalavr, 391 nafari magistrlar bo‘lib, 84 nafar bakalavr bitiruvchi o‘qishni imtiyozli diplom bilan tugatdi.
Marosim davomida ota-onalar hamda bitiruvchilar tomonidan bildirilgan samimiy fikrlar tadbirga yanada fayz bag‘ishladi.
Bitiruv marosimi doirasida bir guruh bitiruvchilarning ota-onalariga universitet rektori tomonidan farzandlarining ta’lim-tarbiyasi, ularni barkamol va bilimli inson etib voyaga yetkazish yo‘lidagi fidokorona mehnatlari uchun tashakkurnomalar topshirildi.
Ta’kidlanganidek, bugungi bitiruvchilarning erishgan yutuqlari ortida avvalo, ota-onalarning mehr-muhabbati, sabr-toqati va qo‘llab-quvvatlashi mujassam.
Shuningdek, o‘qishni a’lo natijalar bilan yakunlagan imtiyozli bitiruvchilarga diplomlar topshirildi. Joriy o‘quv yilida universitetning 84 nafar bakalavr bitiruvchisi o‘qishni imtiyozli diplom bilan tamomladi. Imtiyozli diplom sohiblarining yutuqlari ustozlar va ota-onalarning fidokorona mehnati samarasi sifatida alohida e’tirof etildi.
Tantanali marosim yakunida esa viloyatimizning taniqli yosh ijodkorlari ishtirokida bayramona konsert dasturi namoyish etildi. Dilbar kuy-qo‘shiqlar, jo‘shqin chiqishlar va yorqin sahna ko‘rinishlari bitiruvchilar, ularning ota-onalari hamda mehmonlarga unutilmas taassurotlar ulashdi.









