Close
Skip to main content


Ichan qal’ada an’anaviy “Qovun sayli” boshlandi!


Bugun qadimiy Xivaning Ichan qal’a majmuasida an’anaviy “Qovun sayli – 2026” festivali boshlandi. Milliy qadriyatlar, qadimiy an’analar va zamonaviy yondashuvlarni o‘zida mujassam etgan ushbu yirik madaniy tadbirda Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universiteti ham o‘zining alohida pavilyoni bilan faol ishtirok etmoqda.

Universitet pavilyoni milliylik va zamonaviylik uyg‘unligida tashkil etilib, unda olimlarning ko‘p yillik ilmiy izlanishlari hamda amaliy tadqiqotlari natijasida qovunni qayta ishlash orqali yaratilgan 100 dan ortiq turdagi noyob mahsulotlar, innovatsion va ijodiy ishlanmalar namoyish etilmoqda. Ko‘rgazmaga qo‘yilgan mahsulotlar ilm-fan yutuqlarini amaliyotga tatbiq etish borasidagi izlanishlarning amaliy ifodasidir.

Festival davomida Urganch davlat universiteti pavilyoni mahalliy va xorijiy mehmonlarning alohida e’tiborini tortmoqda. Mahsulotlarning o‘ziga xos ta’mi, sifati va tayyorlanish texnologiyasi, ayniqsa, xorijlik sayyohlarda katta qiziqish uyg‘otib, ularning e’tirofiga sazovor bo‘lmoqda.

Festival doirasida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Sardor Rajabov Urganch davlat universiteti rektori Feruza Madrahimova hamrohligida universitet pavilyoniga tashrif buyurdi. Mehmonlar olimlar tomonidan yaratilgan innovatsion mahsulotlar, ilmiy ishlanmalar va ko‘rgazma ekspozitsiyalari bilan yaqindan tanishdilar.

“Qovun sayli – 2026” festivali Urganch davlat universiteti uchun nafaqat ilmiy va innovatsion salohiyatini keng jamoatchilikka namoyish etish, balki milliy an’analarni ilm-fan yutuqlari bilan uyg‘unlashtirish, hududning boy tabiiy resurslaridan samarali foydalanishga qaratilgan yangi g‘oya va ishlanmalarni targ‘ib etish uchun ham muhim maydon bo‘lib xizmat qilmoqda.