Close
Skip to main content


“Ali Şir Nevai’nin irfaniy dunyosi” hamda “Ali Şir Nevai İncelemeleri” nomli kitoblar taqdimoti o’tkazildi


Bugun Urganch davlat universitetida Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti professori, filologiya fanlari doktori Nurboy Jabborovning “Ali Şir Nevai’nin irfaniy dunyosi” hamda Turkiyaning Ankara Yildirim Boyazid universiteti professori, filologiya fanlari doktori Funda Toprakning “Ali Şir Nevai İncelemeleri” nomli kitoblari taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Mazkur nufuzli ilmiy tadbirda universitet rahbariyati, Filologiya va san’at fakulteti professor-o‘qituvchilari, xorijiy va mahalliy olimlar, shuningdek, Yozuvchilar uyushmasi a’zolari ishtirok etdilar.

Tadbir avvalida Urganch davlat universiteti O‘quv ishlari bo‘yicha prorektori G.Raximov mehmonlarga tashrif uchun samimiy minnatdorlik bildirib, universitet rektori Feruza Madraximovaning tashakkurnomasi hamda esdalik sovg‘alarini topshirdi.

Taqdimot marosimi Filologiya va san’at fakulteti dekani D. G‘ayipovning ma’ruzasi bilan boshlanib, ilmiy asarlarning filologiya fanini rivojlantirish, buyuk mutafakkir Alisher Navoiy ijodini chuqur o‘rganish hamda xalqaro ilmiy hamkorlikni mustahkamlashdagi beqiyos ahamiyati alohida ta’kidlandi.

Ma’ruzalarda taqdim etilgan kitoblarning ilmiy-nazariy asoslari, mazmun-mohiyati chuqur tahlil qilinib, ushbu asarlar Alisher Navoiy ijodi va Navoiyshunoslik yo‘nalishida muhim ilmiy manba ekani alohida ta’kidlandi. Shuningdek, olimlar tomonidan mazkur tadqiqotlar nafaqat milliy adabiyotimizni o‘rganishda, balki xalqaro ilmiy hamkorlikni kengaytirishda ham muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi.

Tadbir doirasida talabalar tomonidan tayyorlangan badiiy va she’riy chiqishlar, sahna ko‘rinishlari hamda adabiy kompozitsiyalar namoyish etildi. Ushbu ijodiy chiqishlar ishtirokchilarga xush kayfiyat ulashdi.

Share